Tomchilatib sugʻorish — suvni tejab, daromadni oshiradi

Butun dunyoda boʻlgani singari serquyosh diyorimizda ham suv muhim ahamiyatga ega. Mavjud suv resurslarining salmoqli qismi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishga sarflanishi eʼtiborga olinsa, bu beminnat neʼmatdan tejab-tergab foydalanish dolzarb masala sanaladi. Shu maqsadda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilsa, hosildorlik koʻtarilishi bilan birga, suvni tejash imkoniyati ham yuzaga keladi.
«Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4499 - sonli qarori ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyatida 4 ming 40 gektar paxta, 10 ming 639 gektar bogʻ, 814 gektar tok, 941 gektar yongʻoq, 418 gektar sabzavot va poliz ekinlari jami 16 ming 848 gektar yer maydonida suv tejamkor innovatsion texnologiyalar joriy etilgan.
Jumladan, Ishtixon tumanida 2 ming 589,5 gektar, Samarqand tumanida 2 ming 117,2 gektar, Bulungʻurda 1 ming 872 gektar, Oqdaryo tumanida 1 ming 490,5 gektar yer maydonidagi qishloq xoʻjaligi ekinlari tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorilmoqda.
Ishtixon tumanidagi “Maroqand Sifat Texstil” agroklasteri qoshidagi Ishtixon oltin yerlari fermer xoʻjaligi tomonidan 2045 gektar yerga ekilgan gʻoʻza tomchilatib sugʻorilmoqda. Xoʻjalikning 6 ta hududiga suv tejamkor markaziy uskunalar oʻrnatilgan. Isroil, Turkiya, Germaniya singari rivojlangan davlatlardan ilgʻor texnologiyalar keltirilgan. Tomchilatib sugʻorish uchun, har gektar yerga 1800 - 2000 ming AQSH dollari miqdoridagi zamonaviy uskunalar oʻrnatilgan.
— Ilgari mazkur hudud, iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanib, har gektar yerdan oʻrtacha 10 — 15 sentnerdan hosil olingan boʻlsa, bugunga kelib hosildorlik gektariga 35 — 40 sentnerga toʻgʻri kelmoqda. Joriy yil gʻoʻzaning S-8286, Buxoro-102 navlari ekilib, tomchilatib sugʻorish orqali parvarishlanmoqda.Tomchilatib sugʻorilganda suv tabiiy usuldagiga nisbatan 40 — 45 foiz tejaladi. Shuningdek, kimyoviy oʻgʻitlar markazlashgan xolda gʻoʻzaning bevosita ildiziga yuborilishi bois hosildorlik ham yuqori boʻladi.
Bundan tashqari, oddiy usulda paxta xom ashyosi yetishtirilganda mavsum davomida kamida 12-15-marotaba kultivatsiya qilinsa, tomchilatib sugʻorishda gʻoʻzani kultivatsiya qilish keskin kamayadi. Oddiy usulda har 5 gektar yerda bir nafar suvchi mehnat qilsa, zamonaviy innovatsion texnologiya orqali har 30 gektar maydonda 1 nafar suvchi ishlaydi.
— Bugungi kunda gʻoʻzaning rivoji yaxshi, har bir tupda 25-30 tadan koʻsak mavjud, — deydi “Maroqand Sifat Texstil” MCHJ direktori Ahad Karimov. Nasib etsa paxta yigʻim-terim mavsumini qisqa muddatlarda va sifatli tugatgan holda klaster qoshidagi qayta ishlash korxonasida tayyor mahsulot tarzida chet davlatlarga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Klaster korxonasi tomonidan 7 ta zamonaviy paxta terish mashinasi xarid qilingan.
2020-yili Samarqand viloyati boʻyicha jami 4 ming 788 gektar, shundan 2 ming 200 gektar paxta maydoni, 1 ming 616 gektar bogʻ zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar asosida tomchilatib va tuproq ostidan sugʻorish texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan.
Tomchilatib sugʻorish har jihatdan foydali va samarali ekanligi amalda oʻz isbotini topmoqda. Shunday ekan, qishloq xoʻjaligi korxonalari hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etilsa, suv resurslari va xarajatlarni tejash barobarida koʻproq daromad olishga zamin hozirlangan boʻlardi. Davlatimizning oʻz taraqqiyot yoʻli ham aynan shundan iborat.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

